Click to listen highlighted text!

"Qo'qon don mahsulotlari" AJ

[bvi]

"Qo'qon don mahsulotlari" AJ

868516

Ishonch telefoni

+99873 541-71-11

Farg‘onada zamonaviy jurnalistika muammolari muhokama qilinmoqda

Globallashuv jarayoni boshqa sohalar qatorida jurnalistika oldiga ko‘plab vazifalarni qo‘ymoqda. Ayniqsa, O‘zbekistondagi ochiqlik siyosati, so‘z erkinligi ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi o‘rni va rolini yanada oshirdi, ijtimoiy tarmoqlar faollashdi. Xo‘sh, jurnalistika qanday mezonlar asosida rivojlanishi kerak?

Farg‘onada boshlangan “Zamonaviy jurnalistikaning dolzarb muammolari” mavzusidagi II xalqaro konferensiyada shu kabi muhim jihatlar haqida so‘z yuritilmoqda. Unda AQSH, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Isroil, Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan jurnalistlar, yurtimizdagi markaziy gazetalarning bosh muharrirlari, axborot agentliklari rahbarlari, siyosatchilar hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etmoqda.

Fuqarolarimiz uchun axborot sohasida qulay imkoniyatlar yaratish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining roli va ta’sirini kuchaytirish ustuvor vazifalardan biridir. Jurnalistika bugun tubdan o‘zgardi, ishlash uslubi va axborot tarqatish ham xuddi shunday. Blogerlik faoliyati hayotimizga kirib keldi. Xalqaro tajribalar asosida jurnalistlar ham zamon bilan hamnafas bo‘lishi kerak. Mazkur anjumanda ishtirokchilar uchun muloqot va fikr almashish maydoni yaratildi.

– Markaziy Osiyoning eng yirik axborot bozoriga ega O‘zbekistonda jurnalistlar orasida muloqot tobora professional tus olmoqda, – deydi Muhammadjon Obidov. –Soha egalari va auditoriya uchun birdek ahamiyatga molik bu jarayon faqat Toshkentda emas, viloyatlarda ham olib borilishi muhim. Unga esa markaziy yoki mahalliy hukumat emas, aynan jurnalistlarning o‘zi va ular a’zo kasaba uyushmalari va mustaqil markazlar bosh-qosh bo‘lishi kerak. Anjumanlardagi mavzular bu davralardagina qolib ketmasligi kerak. Hamkasblarni qiynayotgan masalalarga echim topish lozim. Yaqinda AQSHda Markaziy Osiyoda matbuot erkinligi va xavfsizligi xususida kechgan muhokamalardan birida mendan “O‘zbekistonda jurnalistlarni himoya qiladigan va ularning manfaatlari uchun kurashadigan biror tashkilot bormi?”, deb so‘rashdi. Tez-tez yangraydigan savol. “Oldingiga qaraganda ko‘proq muassasalar bu masalada faollashgan”, deya javob berdim. Jurnalistlar uyushmasi, uning Farg‘ona viloyatidagi bo‘limi, shuningdek, Milliy Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasi ommaviy axborot vositalari xodimlari ravnaqi, erkinligi va professionalizmi uchun qayg‘urib kelayotganini qayd etish lozim. O‘zbekiston 2017 yildan buyon nisbatan erkinlashgan, jurnalistlar hamda blogerlar faollashgan jamiyat. Bu esa axborot makoni cheksiz muammolar ummonida ekanini ham ochib bermoqda.

– Gazetalar haqida turli bahslar, mulohazalarni ko‘p eshitamiz va ularda bevosita ishtirok etib kelyapmiz ham, –deydi “Yangi O‘zbekiston”–“Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov. – Bitta xulosani aytishim mumkinki, gazetalarning jamiyatda o‘z o‘rni bor va bu saqlanib qoladi. “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bugungi kunda 80 mingdan ortiq tirajda chop etilmoqda. Bu ham o‘ziga xos ko‘rsatkich bo‘lishi mumkin. Gazetani o‘zini chiqarib, biror auditoriyani jalb qilish nihoyatda qiyin. Buni gazetani tashkil etgan chog‘imizda tushunib yetganmiz. Faqat gazeta emas, bir vaqtning o‘zida saytini, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarini tashkil qilganmiz. Shu bois ham gazetalarimizni faqat nashr sifatida ko‘rish zamonaviy tendensiyalar nuqtai nazaridan noto‘g‘ri bo‘ladi. Gazetalarimiz elektron hamda bosma ko‘rinishda chiqmoqda.

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA

Loading

Leave a Comment

Your email address will not be published.

Click to listen highlighted text!