Ushbu Ustav O‘zbekiston Respublikasining «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari asosida ishlab chiqilgan.
«Qo‘qon don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati (matn davomida — Jamiyat deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasining 1994-yil 7-dekabrdagi 735-k-PO-sonli buyrug‘iga muvofiq tashkil etilgan.
Jamiyatning to‘liq firma nomi:
O‘zbek tilida:
kirill alifbosida — «Qo‘qon don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati
lotin alifbosida — «Qo‘qon don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyati
Jamiyatning qisqartirilgan firma nomi:
O‘zbek tilida:
lotin alifbosida — «Qo‘qon don mahsulotlari» AJ
Jamiyat yuridik shaxs bo‘lib, u o‘z mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkka ega. Shu jumladan, o‘zining ustav fondiga (ustav kapitaliga) berilgan mol-mulkka ega bo‘ladi, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi hamda amalga oshirishi, zimmasiga majburiyatlar olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
Aksiyadorlar Jamiyatning majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydilar va uning faoliyati bilan bog‘liq zararlar yuzasidan tegishli aksiyalar qiymati doirasida javobgar bo‘ladilar.
Aksiyalar qiymatining hammasini to‘lamagan aksiyadorlar Jamiyat majburiyatlari yuzasidan o‘zlariga tegishli aksiyalar qiymatining to‘lanmagan qismi doirasida solidar javobgar bo‘ladilar.
Jamiyat o‘z aksiyadorlarining majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi.
Jamiyatning mol-mulki unga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lib, Jamiyat aksiyalarni joylashtirishdan tushgan mablag‘lar, asosiy fondlar va aylanma mablag‘lar, ko‘chmas va ko‘char mulklar, qimmatli qog‘ozlar, olingan daromad hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mol-mulklardan tashkil topadi.
Jamiyat qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan har qanday tashkiliy-huquqiy shakldagi yuridik shaxslar bilan hamkorlik qilishi mumkin.
Jamiyat O‘zbekiston Respublikasi hududida filiallar tashkil etishi hamda ularga qonun hujjatlari va Jamiyat Ustavida belgilangan doirada vakolatlar berishi mumkin.
Jamiyat O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida filiallar va vakolatxonalar ochishi hamda ularga qonun hujjatlari va Jamiyat Ustavida belgilangan doirada vakolatlar berishi mumkin. Jamiyat filial va vakolatxonalarini mol-mulk bilan ta’minlaydi.
Jamiyat o‘zining yuridik manzilidan tashqari O‘zbekiston Respublikasi hududida asosiy Jamiyat faoliyatini amalga oshirmaydigan ma’muriy idoralarni tashkil etishi mumkin.
Jamiyat korxonalar, tashkilotlar va boshqa tijorat tuzilmalarini tashkil etishi, ularning xo‘jalik faoliyatida, shu jumladan xolding asosida ham, o‘z mablag‘lari bilan ishtirok etish huquqiga ega.
Jamiyat o‘z faoliyatining manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish hamda birgalikdagi dasturlarni amalga oshirish maqsadida uyushmalar tuzishi mumkin.